Размер шрифта
-
+

Allamjonov aybdor - стр. 11

– Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.

Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.

– Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qoʻshib qoʻy, kechqurun koʻrsatasan.

Vaqt kechagidan ham kam. Oʻshanda hayotimda birinchi marta umuman iloji boʻlmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.

– Ana endi hammasi joyida, – dedi vazir. – Efirga beraver!

Kulib yuboray dedim.

– Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib oʻtirmaydi men bilan. Uni hatto koʻrmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.

– Yoʻgʻ-e? – astoydil hayron boʻldi vazir. – Mayli, shuyam muammomi?..

U telefonda Koʻchimovning4 raqamini terdi..

– Abdusaid aka, bizni qoʻllab turganingiz uchun rahmat, yigitlaringiz zoʻr ekan, juda yaxshi koʻrsatuv tayyorlashibdi…

Ishxonada Furqat Zokirov meni qilich yalangʻochlab kutib turgan ekan. Bu safar u butun Toshkentni boshiga koʻtarib baqirdi. Men uni bir tiyinga olmay, ruxsatsiz, navbatsiz kamera olib chiqib ketibman. «Tirrancha, dumbul, ahmoq, eshshak… Menga yuqoridan bosim oʻtkazaman, deb oʻylama!»

Oʻsha kundan boshlab ikki oʻt orasida qoldim. FVVdagilar aytsa, lavha tayyorlab beraman, keyin direktor menga zahrini sochadi: har safar vazirlikdan qoʻngʻiroq qildirib, texnika jadvalini buzarmishman.

Ish koʻp, MTRKdan yarim kechasi qaytardim. «Navoiy» metro bekatidan oxirgi poyezd tungi 12:03 da joʻnar, nima qilib boʻlsayam, ulgurishim kerak edi. Bunaqa paytda metroda deyarli odam boʻlmaydi, faqat farrosh xola kattakon shvabrasini perronning u boshidan bu boshiga sudrab yuradi, yana ikki militsioner mudrab oʻtiradi. Bekat boʻm-boʻsh, nimqorongʻi, ovozlar aks-sado beradi, oʻziga xos hidi bor… Metroning hidini shunaqa yaxshi koʻrardim-ki… Bu uyga qaytish hidi edi. Tonneldan keladigan shamol va yaqinlashayotgan poyezd chiroqlarini aytmaysizmi! U meni yana bir ogʻir ish kunidan ozod qilib, erkinlikka olib chiqadigandek tuyulardi. Hammasidan koʻra shu yoqimli edi.

Mening bekatim – eng oxirgisi. Shuning uchun baʼzan yoʻlda uxlab qolsam ham, kerakli bekatdan oʻtib ketmasdim. «Beruniy5 – oxirgi bekat. Vagondan chiqayotganda buyumlaringizni unutmang». Shu soʻzlarni eshitib, uygʻonib ketardim.

Beruniyda soat tungi oʻn ikkidan keyin jamoat transporti qatnamas, Qoraqamishga6 yetib olish uchun taksichilar turgan «pitak»ka kelardim. Oxirgi manzil – Tansiqboyev koʻchasi, toʻrt yoʻlovchi yigʻilmaguncha, mashina yurmaydi. Men oldingi oʻrindiqqa joylashib, sovuq kunlari pechkani yoqishni soʻrardim va ryukzagimni quchoqlagancha boshqalarni kutib, uxlab qolardim. Taksi birpasda toʻlardi.

Страница 11