Allamjonov aybdor - стр. 12
Koʻpincha oxirida men qolardim. Haydovchilar har safar: «Tansiqboyevgacha deganding-ku, tush endi!» deb men bilan tortishar, men esa yana ikki yuz metr yurishim kerak edi. Qattiq charchaganimdan «Sal nariroqqa tashlab qoʻying, aka» – deb yalinardim.
Uxlashdan ham koʻra tezroq ovqatlansam, derdim. Oʻn ikki yoʻlakli uyimiz uzoqdan koʻzimga kattakon boʻlka non boʻlib koʻrinardi. Xayolan ustiga ikki parrak Yusupov pamildoridan qoʻyib, tuz separdim.
Ishdan ertaroq chiqsam, trolleybusda ketib, keyin yana ikki bekat piyoda yurardim. Maktabning yonidan shoshmasdan oʻtardim, lekin panjara tugab, qabriston devori boshlanganda yugurishga tushardim – atrof vahimali, qop-qorongʻi, salgina shitirlagan tovushdan yuragim yorilay deydi. Yugurganim yaxshi.
Oyim qornimni toʻydirish uchun ishdan kelishimni albatta poylab oʻtirardilar. Ikki xonali uyda olti kishi – adam, oyim, buvim, ikki singlim va men yashardik.
Biz – bolalar buvim bilan bitta xonada, yerga koʻrpacha toʻshab uxlar edik. Buvim menga duo qilishni oʻrgatganlar. Har kuni uxlashdan oldin qiladigan duolari xotiramga qattiq oʻrnashib qolgan. Maʼnosini tushunmasdim-u, baribir qandaydir xotirjam boʻlib qolardim. Keyin esa oʻz bilganimcha, derazaga, yulduzlarga qarab duo qilardim. Xudo eng yorugʻ yulduz tomonda, u meni aniq koʻrib turibdi, menga yordam beryapti, yaqinda boy, mashhur va baxtli boʻlib ketaman, deb qattiq ishonardim…
Lekin hozircha har kuni ertalab MTRK eshigida sargʻayib, kimdir meni oʻzi bilan olib kirib ketishini poylardim. Menga hatto ichkariga kirish uchun ruxsatnoma ham berilmagan, shuning uchun doim kimningdir etagiga osilib olardim. Sabrim chidamay, ichkariga qoʻngʻiroq qilsam, «Davr»ning masʼul kotibi Dilshod aka menga bobillab berardi: «Qoʻngʻiroq qilaverma! Hammaning joniga tegib ketding! Oʻshatta kutib oʻtir!» Mayli, umri uzoq boʻlsin. Lekin shu gaplarni oʻqisin, bir paytlar meni hatto ruxsatnomagayam loyiq koʻrmagan edi. Haligacha alam qiladi. Undanam yomoni, maosh beriladigan kuni «Davr»ning hamma xodimlari yetmish ming, yuz ming soʻmlab olib, choʻntagini toʻldirib ketishar, menga esa bir yarim-ikki ming soʻm tegardi. Direktorimiz, agar iloji boʻlganida, telestudiyaning tabarruk polini oyoqosti qilganim uchun yonimdan toʻlattirarmidi, deb oʻylab qolaman.
Keyin meni FVV matbuot xizmatiga ishga chaqirishdi. Bu hayotimdagi birinchi haqiqiy omad edi. FVV binosi shaharning qoq markazida, hozirgi Senatning oʻrnida joylashgandi. Bu vazirlikka kirish ham xuddi MTRK binosiga kirishdek qiyin boʻlgan. Ochigʻi, men «Davr»dan hecham ikkilanmay, jon deb ketdim. FVVdan guvohnoma, forma berishdi, bosh mutaxassis lavozimiga tayinlashdi. Qanchalik omadim kelganini xayolga ham keltirish qiyin – men oʻsha paytda oʻzboshimchalik bilan «zachyotka»ga baho qoʻyganim uchun institutdan haydalgandim.