Allamjonov aybdor - стр. 13
MTRK apparat studiyasida «Soliq xizmati» koʻrsatuvini yozib olish jarayoni.
Men oʻqimoqchi boʻlgan OʻzMU jurnalistika fakultetiga kirish qiyin, konkurs katta edi. Kirishimga koʻzim yetmadi, tinchgina Sanʼat institutining rejissorlik fakultetiga hujjat topshira qoldim. Rejam oddiy edi – bir yil oʻqib, keyin jurfakka «perevod» qilaman. Oʻqishga kirishdan koʻra koʻchirish osonroq. Rektorning menga munosabati juda yaxshi edi, ammo ikkita fandan kuzga qoldim. Bittasini-ku, kursdoshim Dilmurod bilan amalladik – baho qoʻyib berishga domlani koʻndirdik. Buyam lekin oson boʻlmadi, chunki xuddi shu odam meni deb dekan oʻrinbosari lavozimidan olib tashlangan va oddiy oʻqituvchi qilib qoʻyilgan edi. Men uning ichib yurishini rektorga chaqib berganman. Shunda ham domla menga yordam berdi. Sahna nutqi fanini esa «yopolmay» qol-dim. Oʻqituvchi opaxon dam olishga ketibdi. Shu fandan baho olmasam, oʻqishni koʻchirib boʻlmas ekan.
Somsaxonada oʻrtogʻim bilan «zachyotka»larimizga birpas qarab oʻtirdik. Men somsadan bir tishlab, daftarchaga «uch» bahoni oʻxshatib chizdim. Somsaga qoʻshib insofniyam yevorganim yoʻq, «besh» emas, «uch» qoʻydim, xolos. Keyin oʻrtogʻimga ham boplab chizib berdim. Oʻzimizcha, bu ayolning ham bolalari bordir, bizni toʻgʻri tushunsa kerak, taqdirimiz hal boʻlyapti-ku, kelganida hammasini ochiq aytib beramiz, u bizni kechiradi, debmiz. Hujjatlarni topshirdik. Buyogʻiga buyruqni kutish qoldi.
Ikkinchi sentabr kuni opaning oldiga bordik. Gapni uzoqdan boshladim: oilada yolgʻiz oʻgʻilligim, ota-onam meni odam boʻlsin deb, ToshDUga7 kirishimni bir umr orzu qilgani…
– Nima demoqchisan? – soʻradi Xatira opa.
– Biz oʻqishni koʻchirmoqchi edik. Siz dam olishga ketgan ekansiz. Shunga, nomingizdan oʻzimizga «uch» baho qoʻyib… Uzr endi, opa…
Toʻgʻrisini aytsam, Xatira opaning bunchalik jahli chiqishini kutmagandim. Xuddi men «zachyotka»ga baho emas, vasiyatnomasiga qalbaki imzo qoʻygandek, birdaniga portlab ketdi.
– Bu nimasi, Komiljon? Axir bu jinoyat-ku! Noqonuniy ish qilgansiz!
Xatira opa gapirgani sayin nima ish qilib qoʻyganimni, qalbaki «uch» arzimagan narsa emasligini tushunib yeta boshladim. U bizni rektorning yoniga sudrab bordi: «Agar bu ikkovini hoziroq institutdan haydamasangiz, men ketaman!» – deb shart qoʻydi. Qattiq turib oldi. Chunki talabaning, ustiga ustak kelajakda mafkurani belgilaydigan talabalarning yolgʻonini kechirib boʻlmaydi. Shuncha yalinsak ham, opa koʻnmadi. Ikki oyogʻini bir etikka tiqvoldi. Pul ham, tanish-bilish ham yordam bermadi.
Onamni chaqirtirib, shartta: «Oʻgʻlingiz institutdan haydaldi», – deb eʼlon qilishdi. Oʻsha yerning oʻzida hushlaridan ketib qolmasinlar ishqilib, deb qoʻrqib turdim.