Allamjonov aybdor - стр. 10
Keyin FVV3 haqida koʻrsatuv tayyorladim. Binoyidek material boʻldi, shunchalik oʻzimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, oʻzlariga koʻrsatishga qaror qildim.
Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yoʻlga chiqqanimda matbuot xizmati boshligʻi kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida oʻtirib, dakki eshitayotgan boʻlgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar eʼlon qilmaydi, televizorda koʻrinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni roʻmolchasi bilan artgancha, boshi qotib oʻtiravergan. Vazir haq edi.
Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, yaʼni men roʻpara kelib qoldim. Kapitan rosa xursand boʻlib ketdi.
– Menga xuddi shu kerak edi! – dedi u, tayyorlagan koʻrsatuvimni koʻrib. Keyin ust-boshimga gʻalatiroq qaradi-da (kalta ishton – shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, koʻylak… Ministrning oldiga kiramiz», – dedi.
Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali oʻn besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir oʻqib oʻtirardi. Oʻziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qoʻydi.
– Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea boʻldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga oʻrganib qolgan ekanman. Vazir oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib, menga qoʻlini uzatdi.
– Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, oʻtirishga ishora qildi.
Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi-ya! Bu odamni oʻsha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha koʻnglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.
Botir Rahmatovich materialni koʻrib, juda mamnun boʻldi. Ishim unga yoqdi.
– Yashang! Endi qogʻoz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani toʻgʻrilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…
Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada oʻzgartirib tashlasam. Qiyshaygan boʻyinbogʻni toʻgʻrilash uchun oʻsha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim oʻzicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval boʻyicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qoʻl qoʻyasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, oʻziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yigʻib, render qilish kerak.