Allamjonov aybdor - стр. 24
«Fun boys» guruhi konsertidan soʻng sinfdoshlarim davrasida.
Sinfdoshlarimning menga munosabati yomon emas edi. Ayniqsa, «Fun boys» guruhini tashkil qilib, konsert qoʻya boshlaganimizdan keyin yana ham yaqin boʻlib qoldik. Men loyiha rejissori edim. Tomoshalarimizda ustozlarning ustidan ham kulardik. Hammasining emas, albatta. Bizningcha, yaxshi oʻqita olmaydigan, zolim va poraxoʻr oʻqituvchilarni masxara qilardik.
«Ikki yarim» laqabli oʻqituvchimizni yaxshi eslayman. Uy vazifasini qanchalik yaxshi tayyorlab kelmaylik, ikki yarim baho qoʻyardi. Bunaqa bahoning oʻzi yoʻq-ku, oʻquvchilarni yerga urish uchun shuni oʻylab topgan. Konsertimizda «u» sahnaga chiqib olib: «Men fizika oʻqituvchisiman, ismim Muxtazar, mana qirq yildan beri erga tegolmayapman», – derdi.
Shunaqa. Hech kimni ayamas edik. Konsertdan keyin direktor meni xonasiga chaqirtirib, bunday «ssenariylar» uchun poʻstagimni qoqardi. Indamay boshimni egib turar, lekin konsertlarni toʻxtatmasdim.
Boshida chiptalar tekin edi. Keyin oʻylab qoldim. Biz dastur, har bitta sahna, musiqa ustida yotvolib ishlayotgan boʻlsak, tomoshabinlarga yoqayotgan boʻlsa, nima uchun konsert tekin boʻlishi kerak?
Tashkiliy ishlarga, chipta, afishalar tayyorlashga pul tikish kerak. Oyimning oldilariga keldim. Ular: «Adangdan soʻrab koʻr», – dedilar. Ammo men otamdan choʻchirdim, ayniqsa, bu pulni nimaga ishlatmoqchi ekanimni aytishga qoʻrqdim. Onam menga har doim ishonganlar. Yigʻib-tergan oʻn ming soʻmlarini qoʻlimga berdilar.
Chipta sotib oʻtirishni oʻrtoqlarimga topshirdim. Hech qaysisi pul soʻrab ota-onasini bezovta qilmadi. Bu tashkilotchining, yaʼni mening bosh ogʻrigʻim edi. Ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi.
Homiylar bilan ham oʻzim kelishdim. «Aylin» turk pechenyesi maktabimiz hisob raqamiga 25 ming oʻtkazdi. Maktab direktori shundan bir yarim ming soʻmni ovoz kuchaytirgich – usilitelga deb berdi. Qolgan pulni koʻrmadim. Direktor bizni chuv tushirdi.
Yana bir hamkorimiz «Radio-peydj»1 boʻldi. Konsertimiz haqida tekinga eʼlon berishdi. «Nestle» kompaniyasi esa oʻzini zontlarini oʻrnatib, stakanda kofe tarqatdi. Yana uch-toʻrtta homiyni koʻndirish uchun tijorat taklifi bilan butun shaharni aylanib chiqdim. Boshqa hech kim rozi boʻlmadi.
Ravshan Sobirov, Guli Tolipovaning menejerlariga, boshqa artistlarga ham qoʻngʻiroq qilib, konsertda chiqib berishlarini soʻradim. «Tomsuvoq»qa koʻndirdim.
Tabiiyki, mingta chipta sotolmadik, ikki yuztasi ketdi, xolos. Homiylarning oldida sharmanda boʻlmaslik uchun boʻsh joylarni mehmonlar bilan toʻldirdik. Mehribonlik uyi direktoriga iltimos qilib, tarbiyalanuvchilarini opkeltirdim.