Allamjonov aybdor - стр. 27
Perper raisning aytganini qilavermagach, Parpiyev navbatdagi xizmat yigʻilishida hammaning ichida mendan: «Gazeta chiqarish qoʻlingdan keladimi? – deb soʻradi. – Qogʻozi ham, bosmasi ham sifatli boʻlishi, foydali maʼlumotlar bilan boyitilishi kerak.»
Albatta qoʻlimdan keladi! Soliq qoʻmitasida bir dunyo maʼlumot boʻlsa! Buxgalterlardan doimiy savollar kelib turar, soliq inspektorlari ularning har bittasiga alohida yozma javob berishardi. Bu javoblar esa hamma uchun foydali edi.
Ammo bitta muammo chiqib qoldi. «SBX»ni barcha davlat tashkilotlari buxgalterlari olishlari shart edi. Bizning gazeta ham oʻzini qoplashi uchun obunani yoʻlga qoʻyishimizga toʻgʻri kelar ekan.
– Hal qilamiz, – dedi rais. – Asosiysi, gazetani yaxshi, foydali, sifatli tayyorlang! DSQning rasmiy bosma nashri boʻladi.
Shu joyida bir gap aytay. «Soliq-info»ning ixtiyoriy xaridorlari ham koʻp edi. Gazeta buxgalterlarga maʼqul keldi, ularning doimiy ish quroliga aylandi. Ular, yaʼni «Soliq-info»ga oʻz xohishi bilan obuna boʻlganlar haqida hech kim bilmaydi. Lekin DSIning1 «obuna boʻlish shart» degan qoʻngʻiroqlaridan norozilar hamma yoqqa shov-shuv koʻtardi.
Eng birinchi ofisimiz yertoʻlada joylashgandi. Gazeta chiqarish – murakkab jarayon. Qiziqarli material toʻplashning oʻzi yetarli emas. Gazetani sahifalash, chop etishning sir-asrorini ham bilish kerak.
Biz Rossiyaning shu yoʻnalishdagi hamma nashrlarini oʻrganib chiqdik. Gazetani rosmana qoʻllanmaga aylantirsa boʻlar ekan, unda interaktiv – buxgalterlar bilan muloqot, savol-javoblar berib borishimiz shart, degan xulosaga keldik.
«Soliq-info»ni har tomonlama «SBX»dan yaxshiroq qilib chiqarishga harakat qildik. Seminarlar oʻtkazib, muammoli masalalarni koʻtarardik. Viloyatlarga ham borganmiz. Soliq sohasidagi mutaxassislar bilan butun mamlakatni aylanib chiqqanmiz. Tadbirkorlarni yigʻardik, ular savollariga professional ekspertlardan toʻla-toʻkis javob olishardi. Qisqasi, shu ishga jon-jahdimiz bilan kirishib ketdik.
Biz uchun gazetaning jonli boʻlishi muhim edi. Har bir ruknni davomli yuritishga erishdik va bu oʻzini oqladi. Mavzular sondan songa kengroq yoritib berilar, natijada, oʻquvchilar davomini kutardi.
Soʻrovnomalar oʻtkazib, u yoki bu muammo boʻyicha tadbirkor va buxgalterlarning fikrlarini oʻrganib chiqqanmiz. Ijtimoiy tarmoqlar paydo boʻlganida, biz ulardan birinchilardan boʻlib foydalana boshladik.
Maqolalarni oʻzimizda ishlaydigan soliq maslahatchilaridan tashqari Moliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi mutaxassislari tayyorlar, gazetada jurnalistlar deyarli yoʻq edi. Dolzarb mavzularni koʻtarishga, tezkor maʼlumotlar berishga harakat qilardik. Bugungi kun tili bilan aytganda, biz yangiliklarni yaratayotgan edik.