Allamjonov aybdor - стр. 28
Dadil ayta olamanki, «Soliq-info» tufayli buxgalterlarning tushunchasi oʻzgara boshladi, kasbiy malakasi oshdi. Gazeta DSQning rasmiy nashri boʻlgani uchun buxgalterlar juda katta mablagʻlarni tejashga, soliq sohasida huquqbuzarlikning oldini olishga, umuman, soliq tizimini optimallashtirishga yordam beradigan eksklyuziv axborotlardan foydalanish imkoniga ega boʻldilar. Ayni paytda mutaxassis konsultant yollashga hojat qolmadi, chunki gazetaning oʻzi eng yaxshi maslahatchiga aylandi.
Boshida gazeta faqat rus tilida nashr etilardi, keyinroq oʻzbek tilida ham chiqara boshladik. Shtat 40 nafar xodimgacha kattalashdi. Ofisni Soliq qoʻmitasi qoshidagi sport majmuasiga koʻchirdik. Tahririyatimiz ancha oyoqqa turib oldi.
«Soliq-info» gazetasi majlislar zalida.
Gʻoya va takliflar berib, jamoani yoʻnaltiradigan asosiy tashkilotchi men edim. Xodimlarning qornini toʻydirish, ularni munosib maosh bilan taʼminlash ham mening vazifamga kirardi. Juda ahil jamoa yigʻildi. Bayramlar, timbildinglar uyushtirar, hatto basseynga birga borardik. Rosmana bir oilaga aylanib qolgan edik.
Men yaxshi rahbar edim va bu menga qimmatga tushdi. Meni bir meʼyorda, xotirjam yashashga qoʻymaydigan omad choʻqqisining navbatdagi pogʻonasi boʻldi bu.
Xodimlar shefning tugʻilgan kuniga syurpriz tayyorlashibdi. «Soliq-info» gazetasining maxsus menga atalgan sonini bittagina nusxada, lekin xuddi rostakam gazetaga oʻxshatib, maxsus qogʻozda chiqarmoqchi boʻlishibdi. Tipografiyadan: «Ofsetni bir nusxada bosmadan chiqarib boʻlmaydi, kamida ming nusxa boʻlishi kerak», – degan javob kelgan. Mingta boʻlsa, mingta-da. Qolganini oʻzimiznikilarga tarqatamiz, esdalik boʻlib qoladi, undanam ortsa, omborda joy koʻp… Qoʻl ostimdagilar oʻrtaga pul tashlab, maxsus sonni chop etishgan. Birinchi betda kattakon suratim, tagida sarlavha: «2017-yil: Komil Allamjonov hayotida nimalar sodir boʻldi?» Gazeta sahifalari boshidan oxirigacha oʻttiz uch yoshimgacha erishgan yutuqlarim bilan toʻldirilgan.