Allamjonov aybdor - стр. 23
Men erinchoq emasdim. Shunchaki, oʻsha vaqtdagi iqtisodiy vaziyatni deb omadim chopmadi va qand qiroli boʻlolmadim. Lekin pul topish yoʻlida harakat qilishdan hech qachon toʻxtamadim. Menga ishni yoʻlga qoʻyish, pulni nazorat qilish jarayonining oʻzi qiziq edi. Mabodo ishim yurishmay qolsa, gʻayratim yanayam oshib ketardi.
90-yillarni koʻrganlar fikrimga qoʻshiladi, deb oʻylayman. Mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyat juda qiziq boʻlgan. Foyda koʻrishga intilganlarni chayqovchi emas, tadbirkor deb atay boshlashgan, katta pul topish imkoni tugʻilgan edi. Dorixona, bilyardxona, sauna, tijorat doʻkonlari yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek urchib ketdi. Ana senga erkinlik!
Sinfdoshim bilan madaniyat saroyi binosida, konsertdan keyin.
Kommunistik mafkuraning oyogʻi osmondan boʻlib ketgandan keyin xalqni ergashtiradigan gʻoyaning oʻzi qolmadi. Ayni paytda diniy ekstremizmning taʼsiri kuchayib bordi. Soqol qoʻyganlar koʻpaydi, Karimov ularga qarshi tinimsiz kurashardi. Teraktlar, portlashlar avj olgan tahlikali davr edi. «Musaffo osmon» gʻoyasi davlat mafkurasiga aylandi. Urushsiz, tinch yashasak boʻldi, olam guliston! Ammo bu gʻoya juda boʻsh edi. Unda super boylarning paydo boʻlishi koʻzda tutilmagandi. Davlat rahbariyati boyvachchalar jamiyat osoyishtaligini buzishidan qoʻrqardi. Mayli, foyda koʻrsang koʻr, faqat ikki quloch tijorat doʻkonidan nariga oʻtma! Mashina ol, uy sol, topgan tillangni uch litrli bankada saqla, lekin oligarx boʻlaman deb xayolingga ham keltirma.
Shuning uchun korxona tashkil etish juda qiyin masala boʻlib, kerakli eshiklar kerakli odamlargagina ochilardi. Koʻpchilikni hoziroq, joyida daromad topish yoʻllari qiziqtirardi. Bugun pul tikasan, ertaga foyda koʻrasan. Bemalol bir ishni tashlab, osongina boshqasini yurgiza olishing kerak. Ildizi baquvvat, avloddan avlodga oʻtadigan biznes-imperiyalarni qurish uncha-muncha odamning rejasiga kirmagan. Yurtimizda egalarini super boy qilgan, uzoq muddatli, rosmana muvaffaqiyatli ishlab chiqarish obyektlari deyarli yoʻqligining sababi shunda.
1998-1999-yillar
Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan oʻqiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. Toʻgʻri, men u yerga porasiz, hech qanday qoʻngʻiroqsiz, oʻz bilimim bilan kirganman. Toʻgʻri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yoʻl qoʻymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi oʻqi. Seni «kontrakt»da oʻqitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», – degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining gʻildiragini teshib, oʻchimni olganman.