Размер шрифта
-
+

Allamjonov aybdor - стр. 22

Gap ogʻir mehnatdan qochishda emas. Menga birovning choʻntagini toʻldirish uchun belni bukib, evaziga arzimagan chaqa topish yoqmadi. Bunaqa kapitalizmni hazm qila olmasdim. Biz litseyda oʻzimiz popkorn tayyorlab sotardik. Oʻzimiz uchun ishlardik, shunga mehnati malol kelmagan. Koʻpi kuygan, bemaza popkornimiz uncha yaxshi ketmasdi. Bu tadbirkorlik faoliyatimda birinchi saboq boʻlgan – mahsuloting sotilishini xohlasang, ishni sifatli qil!

Oʻn uch yoshimda qand qiroli boʻlishga qaror qildim. Oʻzimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor oʻrtoqlarim uchishga bermay qoʻyishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sangʻib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» – deb gapni qisqa qilishdi.

Biznes-reja bunday edi: bir qop shakar sotib olinadi, uni qandga aylantirib, ustiga pul qoʻyib sotiladi. Shakar bilan qandning narxi orasidagi farq – sof foyda.

Tayyor shakar sexini ijaraga oldim. «Sex» deganda koʻz oldingizga nima keldi bilmadim-u, ammo bu hech kim yashamaydigan tashlandiq bir uy edi. Undagi bor uskuna – tegirmon, press, fanera, vanna, isitkichli fen va bir yarim litrlik baklajka, xolos. Oldin shakar kukunga aylantiriladi. Keyin vannaga solib, ustidan bir yarim litr sovuq suv quyiladi. Kukun nam tortib, qorga oʻxshab gʻirchillab qolganda, pressdan chiqarilib, faner ustiga yoyiladi. Qand shakliga solinib, fenda quritiladi. Bir kecha-kunduzda bir qop shakar oldi-berdiga ishlatiladigan, toʻy-hashamda dasturxonga qoʻyiladigan shirinlikka aylanadi.

Otam koʻp magazinchilarning mashinasini tuzatardilar. Shu tanishlaridan mahsulotimni sotib berishni iltimos qildilar.

Bu sexda ishchi ham, farrosh ham, mol yetkazib beruvchi ham, direktor ham oʻzim edim. Sexni ijaraga olishdan oldin doʻstlarimga sherikchilikni taklif qildim, ular koʻnishmadi. Balki toʻgʻri qilishgandir. Ikki hafta oʻtgach, doʻkonlarda shakar koʻrinmay qoldi, keyin birdan narxi oshib ketdi. Qanddan tushadigan ozgina foyda ham yoʻq boʻldi. Shunday qilib, birinchi biznesim sindi. Qizigʻi shundaki, doʻstlarim moliyaviy krizisni oldindan koʻra bilgani uchun emas, ishyoqmasligi, harakatsizligi tufayli hamkorlikdan bosh tortishdi. Biz birga oʻsib katta boʻldik, lekin hozir jamiyatdagi oʻrnimiz orasida osmon bilan yercha farq bor.

Hamma ham boy-badavlat boʻlishi shart, demoqchi emasman. Baʼzilarga bu narsa kerak emas, ularning oʻz orzulari bor. Kimdir vrach, kimdir alpinist, uchuvchi, sayohatchi, jurnalist yoki yozuvchi boʻlishni orzu qilib, shu maqsadi bilan yashaydi. Hozirgi yoshlar orasida bundaylar borgan sari koʻpaymoqda. Pul ular uchun ortiqcha daxmaza. Lekin boyib ketaman degan odamga faqat orzu va bilimning oʻzi kamlik qiladi. Bunda ishchanlik, mehnatsevarlik judayam muhim. Agar ishga oʻzingni toʻliq bagʻishlay olmasang, yaxshisi boshlama. Biznes – dangasalar uchun emas!

Страница 22