Размер шрифта
-
+

Allamjonov aybdor - стр. 18

Gadoyevning oldiga kirdim.

– Qayerdan olding bu gapni? Toʻrt kunda kitob tayyor boʻlarmish! Kim toʻrt kunda kitob chiqararkan?!

– Erkin Fayziyevich, kitob deyarli tayyor, menga faqat…

Menga nima kerakligini Gadoyev eshitib ham oʻtirmadi, har doimgiday javrab-javrab nasihatini boshladi. Xullas, maʼlumot ololmadim.

Ikki oʻt orasida qoldim. Rahbarlar-ku keyin bir-biri bilan kelishib ham ketar, oʻrtada aybsiz aybdor men boʻlaman.

Ochigʻi, qoʻrqib ketdim. Oʻzimni ikki kattakon kitning oʻrtasida majaqlanib, ovozi chiqmaydigan mayda baliqchadek his qildim. Parpiyevning bir xislati bor edi, hech qachon hech nimani esidan chiqarmasdi. Aytgan ishi qilinyaptimi, yoʻqmi – har soatda tekshirib turardi. Har soʻraganida «Ishlayapmiz», deyman, lekin aslida hech narsa qilinmayotgan edi.

Yana qabuliga kirishga majbur boʻldim.

– Botir Rahmatovich, kitobni vaqtida topshira olmayman. Erkin Fayziyevich urishib, kabinetidan haydab soldi. Bekorchi ish bilan shugʻullanma, dedi. Nima qilay?

Generalning yomon jahli chiqqani koʻrinib turardi. Lekin menga indamadi, gapni choʻzmadi, «Boraver» – deb qoʻydi.

Dushanba kuni majlis. Oʻzi shundoq ham har dushanba boʻladigan majlislarni koʻrgani koʻzim yoʻq, bu safargisi ayniqsa ortiqchalik qilayotgan edi. Kamiga oʻsha kuni kechasi deyarli uxlamaganman, zoʻrgʻa koʻzimni ochib, ishga uchib yetib keldim, apil-tapil formamni kiydim. Majlis aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish mumkin emas.

Lanj boʻlib oʻtiribman, koʻzlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qoʻmita raisining gaplari qulogʻimga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida oʻrinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini soʻraydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib gʻoyani puchga chiqaradi.

Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning koʻzi moshday ochildi.

– Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb oʻylayapsizmi? Nima topshirsam, «yoʻq» deysiz! Takliflarimni yoʻqqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga toʻsqinlik qilyapsiz!

Rais jahl bilan oʻrnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qoʻlidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning oʻtakasi yorilib, zal jimjit boʻlib qoldi.

– Mana, Allamjonovni olaylik! – vazir zalga qarab, meni topdi. Oʻtirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. – Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?

– Men unaqa demadim, unaqa deganim yoʻq… – oʻzini oqlamoqchi boʻldi Gadoyev. Uning qattiq qoʻrqib ketgani bilinib turardi.

Страница 18