Allamjonov aybdor - стр. 19
Parpiyev koʻzoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo boʻldi.
Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir koʻz tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», – dedi. Yigʻilganlar jimgina tarqala boshladi.
Keyin u mening yonimga keldi.
– Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?
Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:
– Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?
Men jonimni qutqarish uchun, joyida ogʻzimga kelgan bahonani toʻqidim:
– Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich soʻraganiga aytdim-da… Sizni «Kitob toʻrt kunda oʻxshamasa-chi», – deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…
Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.
Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi oʻrinbosar boʻlmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. Oʻrinbosar boʻlib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qoʻmitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan boʻldi.
Uning oʻrniga hozirgi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.
Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta oʻylab yoki toʻsatdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.
Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini oʻzi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», – deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan oʻtgandek boʻlardik. Rais yordamchilari boʻlimlar uchun alohida savollar tayyorlab qoʻyishardi. Bu boʻlim rahbarlarini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda koʻtariladigan masalalar boʻyicha oldindan maʼlumot toʻplab berilar, minbarga chiqqan xodim koʻpincha qaltis ahvolga tushar edi. Boʻlim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zoʻr yoʻlni oʻylab topishdi. Dilshod Toʻraxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qoʻymang», – deb iltimos qiladigan boʻlishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, koʻpincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan boʻldim. General meni ayab oʻtirmas edi. Kotibiyat boshligʻi Dilshod Toʻraxonov meni oʻlguday yomon koʻrib qolgan, har safar oyogʻimdan chalishga harakat qilardi.