Размер шрифта
-
+

Allamjonov aybdor - стр. 17

Ikkinchi oyligim ham xuddi shunaqa qilib havoga sovurildi. Yoshi katta, azamat ikki harbiyga nima ham deya olardim?

Keyingi gal ayyorlik qildim. Pulimni eng oxirida, hammadan keyin berasiz, deb kassir opa bilan kelishib qoʻydim. Oyligimni oldim-u gʻaroyib boshliqlarim, ogʻaynilarim meni tutib olmasidan uyga qarab qochdim.

2005-2006-yillar

Parpiyev Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimini egallaganida uning birinchi oʻrinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev edi. Islom Abdugʻaniyevich «boʻlib tashla va hukmronlik qil» degan siyosatni olib borar, vazir oʻrinbosarlari rahbariga nisbatan doim kishi bilmas oppozitsiyada boʻlardi. Karimov shu yoʻl bilan oʻziga kerakli maʼlumotni yigʻgan boʻlishi mumkin, lekin bu narsa jamoaviy ishni oʻldirar, faqat ichki fitnalarni keltirib chiqarardi. Tizim iyerarxiyasi boʻyicha har bir xodim kimningdir odami edi: Parpiyevning odami, Gadoyevning odami, Azimovning odami… Bunaqa sharoitda ishni boshqarish uchun rahbar oʻz taktikasiga ega boʻlishi kerak. Parpiyev soliq qoʻmitasiga oʻtganida hammaga ishdan boʻshash haqida ariza yozishni taklif qildi. Yangi jamoa tuzishini aytdi. Hamma ariza yozdi. Keyin Botir Rahmatovich xotirjam oʻtirib, boʻlayotgan qoʻngʻiroqlarni, kim kim uchun iltimos qilib chiqqanini yozib oldi va kuchlar taqsimotining toʻliq jadvaliga ega boʻldi. Qoyilmisiz?

Parpiyev bergan hamma topshiriqlarni uning oʻrinbosari oʻsha zahoti yoʻqqa chiqarishi meni doim hayron qoldirardi. Men – «Parpiyevning odami» bu paytda DSQ matbuot xizmatida ishlardim.

– Nimaga oldimga kiraverasan? Nima keragi bor shuni? – biror taklif, qandaydir zarur ish bilan xonasiga kirsam, Gadoyev har safar norozi boʻlib kutib olardi. Yordam berishni xayoliga keltirmasdi.

Mustaqillikning oʻn olti yilligiga bagʻishlab maxsus albom chiqaradigan boʻldik. Soliq sohasida erishilgan hamma yutuqlarni, yangilik va oʻzgarishlarni koʻrsatmoqchi edik. Ishchi guruh tuzildi. Bosh javobgar menman, lekin hech qanday vakolatim yoʻq. Yaʼni, yugur-yugur qilasan, axborot toʻplaysan, odamlardan statistika maʼlumotlarini yigʻishga harakat qilasan, ammo hamma senga eshikni koʻrsatib yuboradi, birov gapingga quloq solmaydi, mabodo maʼlumot berishsa ham, bir tiyinga qimmat boʻladi.

Parpiyevning oldiga kirdim. Kitob deyarli tayyor, baʼzi maʼlumotlar yetishmayotgan edi, xolos.

– Kitobni tezroq chiqaringlar! Yaqin kunlarda Prezidentga koʻrsataman, – dedi u. Keyin Gadoyevga qoʻngʻiroq qilib, menga yordam berishni topshirdi. Telefonda oʻrinbosarning «Xoʻp!» degani eshitildi.

DSQning navbatdagi kollegiya yigʻilishida.

Страница 17