Размер шрифта
-
+

Allamjonov aybdor - стр. 7

Eng koʻpxarj bino «Oʻzbekiston» nashriyoti qoshidagi yotoqxona ekan. Xodimlar u yerda oʻn yillab, avlod-avlodi bilan yashaydi. Bino nashriyot balansida. Lekin ular doim ijara haqi toʻlab kelgan.

Yuristlarga masalani oʻrganib, qonuniy yechimini topish boʻyicha topshiriq berdim. Har bir oila ijara xonadonini oʻz nomiga rasmiylashtirsin, yotoqxonada emas, shaxsiy uyida yashasin, dedim. Yechim topildi. Shuncha yil ijarada turgan ellikta oila boshpanali boʻldi.

Har bir xonadonga birma-bir kirib, bir piyola choy ustida mezbonlarni gapga soldim. «Uyni oʻz nomingizga rasmiylashtirishda muammo tugʻilmadimi? Hech kim hech narsa tama qilmadimi? Uyli boʻlish uchun kimningdir choʻntagiga pul solish kerak, degan gaplar boʻlmadimi?» Hammadan bir xil javob eshitdim: «Yoʻq, unaqasi boʻlmadi».

Bu bizning gʻalabamiz edi! Uy taqsimoti uchun javobgarlar, agar ortiqcha gap chiqsa, albatta qulogʻimga yetib kelishini bilib, bir tiyin ham undirishga harakat qilishmagan. Binoni taʼmirlab berishni boʻynimizga olgandik, vaʼdamizning ustidan chiqdik. Ishchilar hovlida katta dasturxon yozib, xudoyi qilishdi. Meniyam taklif etishdi. Soʻzga chiqib, bu uylar yurtimiz Prezidenti hamda Agentlik tomonidan taqdim etilayotgani, hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani va mendan keyin ham ishchilardan uyni hech kim tortib ololmasligini aytdim. Kimdir xursandchiligini ichiga sigʻdirolmay yigʻlagan, kimdir kulgan, hammaning koʻzi chaqnab turibdi, xullas, esdan chiqmaydigan kun boʻldi.

Prezident siyosatining asosi ham odamlar turmushini yaxshilashdir. Men esa komandaning bir aʼzosi sifatida shu ishga ozgina boʻlsa ham hissam qoʻshilganidan mamnun edim.

Shuncha yil omonat uyda hayot kechirish, omonat uyda farzand koʻrib, toʻy-tomoshalar qilish, istalgan paytda koʻchada qolishi mumkinligini oʻylab, qoʻrqib yashash… Hozir oʻz uylarida tinch-xotirjam yashayotgan oʻsha odamlar duolarida meni ham eslab qoʻyishadi, degan umiddaman.

Yana balansimizda respublikadagi yagona matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji ham boʻlib, yopilish arafasida turgan ekan.

Qabulimga direktori keldi.

– Binoni boʻshatib berishimiz kerak, – dedi.

– Xoʻp, yaxshi. Matbaachilarni qaуerda tayyorlaymiz unda?

– Kollejning oʻzi boʻlmaydi! – xoʻmrayib javob berdi direktor.

– Mamlakatda 1600ta matbaa korxonasi ishlab turibdi-yu, matbaachi tayyorlaydigan birorta oʻquv dargohi boʻlmaydimi?! Bunaqasi ketmaydi!

Kollejni saqlab qoldik. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi Qaroriga oʻzgartirish kiritilishiga erishdik. Kollejning yopilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasdi. Chunki kitob, darslik, oʻquv qoʻllanmalari, koʻrgazmali tashviqot vositalari oʻrnini hech nima bosa olmaydi – internet ham, boshqasiyam.

Страница 7